Biz, yoshi kattalarning, yillar davomida mehnat qilib endi qarilik gashtini suray deganda bir qator kasalliklar ham bizlarga yo‘ldosh bo‘la qolishi ham haqiqat. Mana shunday paytda tez-tez hududimizdagi oq xalat egalaridan yordam so‘rab davolanamiz. Sog‘liqni saqlash posbonlari deb ham bekorga aytilmasa kerak. Chunki ko‘pchiligimizda surunkali kasalliklar bor, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari ham doimo shifokor nazoratini talab qilib turadi. Shu bois, tibbiyot xodimlarining salomatligimizni asrashdagi xizmati katta. Bizning yurtimizda esa fidoyi shifokorlar biz keksalarni doimo hurmat va e’tiborda saqlab keladi, kasalliklarimizni davolab boradi. Ularga o‘z fotihamizni va rahmatimizni berib borish biz keksalar uchun ham qarz, ham farz sanalsa kerak. Bir tomondan bu odamgarchilikning, shukrning va tibbiyotimizga bo‘lgan rahmatimiz ham.

Surunkali kasalligimiz bo‘lgan 2-tip qandli diabet (diabetik polinefropatiya) sababli yurtimizning mashhur shifo maskanlaridan biri bo‘lgan Akademik Turakulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialiga Mo‘ynoq tumanidan kelib davolandik. Albatta, har qanday bemor kishi eng avvalo o‘ziga bo‘lgan e’tiborni kutadi. Bizlar shu davolash muassasasining 1-terapiya Diabetik nefropatiya bo‘limiga borgan vaqtimizdayoq, bo‘lim boshlig‘i Bekpo‘lat Pirniyazovdan shu narsani topdik. U kishi biz keksalar bilan yuksak shifokorlik madaniyati bilan suhbatlashdi va o‘z bo‘limiga joylashtirdi. Keyinchalik bo‘limda malakali shifokor sifatida tanilgan Lola Romanova bizga davolovchi shifokor sifatida biriktirildi. Bo‘lim mudiri B.Pirniyazov va shifokor L.Romanovalar bizni dastlab chuqur ko‘rikdan o‘tkazdi va tegishli davolash usullarini belgilab berdi. Kasalligimiz haqida va uni qanday yengib o‘tishimiz bo‘yicha tushunchalar berdi. Eng asosiysi, hayotga bo‘lgan ishtiyoq va pozitiv qarash ekanligini uqtirdi. Darhaqiqat, biz keksa yoshdagi kishilar uchun bu yosh mutaxassislarning bergan tasallilari sog‘ayishimizga bo‘lgan dastlabki ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Hozir, Xudoga shukr, sog‘lig‘imiz ancha yaxshi. Bo‘limda tomirga tez va aniq tushadigan mohir hamshiralar Liza Berdibayeva, Esbergenova Sapargul, Qurbaniyazova Indiralar bosh hamshira Oysuluv Aytug‘onova rahbarligida shifokorlar buyurgan dorilarni o‘z vaqtida soldi. Har muolaja paytida o‘zlarining har xil hazil-mutoyibalari, qiziqarli suhbatlari bilan bezovta ko‘nglimizni ko‘kka ko‘tardi. Bu, albatta, oliy tibbiy bilim bilan bir qatorda bemorlar bilan munosabat o‘rnatishning boshqalar ibrat olsa arziydigan jihati edi.

Xo‘jalik hamshirasi Injigul Abdijamilova esa toza matras va choyshablar bilan ta’minlab, xuddi o‘z uyimizda yotgandagidek atmosferani ta’minlab berdi. Sanitarka Baxitgul Dosnazarova esa davolanish vaqtimizda yotgan palatamizni o‘z vaqtida tozaligini ta’minlab berdi. Kerak bo‘lsa, choy-ovqat ichgan idishlarimizni ham fidoyilik bilan yuvib, top-toza qilib qo‘ydi.

Bizlar davolanish jarayonida bir narsaga amin bo‘ldik, bu bo‘limda, umuman olganda ushbu Akademik Turakulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida har bir tibbiyot xodimi (mayli shifokor, mayli hamshira, mayli sanitarka va h.k.) ning tizimli va tartibli harakat qilishi, bizningcha, bu yerga shifo izlab kelgan har qanday bemorning tezroq sog‘ayishiga sabab bo‘lishi shubhasiz.

So‘zimiz yakunida, yuqorida nomlari tilga olingan tibbiyot xodimlarining ishlarida doimo muvaffaqiyatlar bo‘lsin, salomatliklari mustahkam bo‘lib, xalq xizmatida charchamasin. Davlatimizning yuksak unvon va mukofotlariga sazovor bo‘lishini tilaymiz.

Maqsad YAXSIMURATOV, Raya ALIMBETOVA, Mo‘ynoqlik pensionerlar.

«SHIPAKER» gazetasidan

Leave a Comment